[go: nahoru, domu]

Buxoro viloyati

O‘zbekistondagi viloyat

Buxoro viloyati – Oʻzbekiston Respublikasining 12 viloyatlaridan biri. Oʻzbekiston viloyatlari ichida chegarasining kattaligi boʻyicha Navoiy viloyatidan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. 1938-yil 15-yanvarda tashkil etilgan. Buxoro viloyati hududi asosan Qizilqum choʻlida joylashgan. Janubi-sharqini Zarafshon vodiysi egallagan. Shimoli-gʻarbda Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, shimol va sharqdan Navoiy viloyati, janubi-sharqda Qashqadaryo viloyati, janubi-gʻarbda Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 39,4 ming km2. Aholisi 2.000.255 kishi[1] (2022). Buxoro viloyati tarkibida 11 ta tuman (Buxoro, Vobkent, Jondor, Kogon, Olot, Peshkoʻ, Romitan, Shofirkon, Qorovulbozor, Qorakoʻl, Gʻijduvon), 11 ta shahar (Buxoro, Kogon, Galaosiyo, Vobkent, Gazli, Olot, Romitan, Shofirkon, Qorakoʻl, Qorovulbozor, Gʻijduvon), 3 ta shaharcha (Jondor, Zafarobod, Yangibozor), 121 ta qishloq bor. Buxoro viloyati aholisining etnik tarkibini asosan oʻzbeklar va ruslar, forslar (eroniylar), turkmanlar, tojiklar, ukrainlar, koreyslar, tatarlar va boshqalar tashkil etadi. Markazi – Buxoro shahri.

Buxoro viloyati
Viloyat
Tarkibida 11 Tuman,2 Shahar
Maʼmuriy markazi Buxoro
Yirik shahari Buxoro
Boshqa yirik shaharlari Kogon
YAIM 6.9 Mlrd $  (9-oʻrin)
Rasmiy tillar O'zbek,Tojik
Aholi (2024)
2 050 000
(5,5 % ,  (9-oʻrin)
Zichligi 52 kishi./km²
Dinlar tarkibi musulmonlar, xristianlar
Maydoni 39 400 km²
(8.7 %)
Vaqt mintaqasi UTC+5
Kod ISO 3166-2 UZ-BU
Avtomobil raqami kodi 80
Rasmiy sayti <Bukhara.uz
Xaritada
Buxoro viloyati xaritada
Buxoro viloyati, Xarita
40°10′0″N 63°40′0″E / 40.16667°N 63.66667°E / 40.16667; 63.66667

Tarixi

tahrir

Buxoro viloyati 1938-yil 15-yanvarda tashkil topgan. Yil oxiriga kelib uning tarkibiga Surxondaryo okrugi, Beshkent, Buxoro, Vobkent, Gʻijduvon, Gʻuzor, Dehqonobod, Kogon, Qamashi, Qorakoʻl, Qarshi, Koson, Konimex, Karmana, Qiziltepa, Kitob, Romitan, Sverdlov, Chiroqchi tumani, Shofirkon, Shahrisabz, Yakkabogʻ tumanlari va viloyatga qarashli Buxoro, Gʻijduvon, Kogon, Qarshi va Shahrisabz shaharlari qoʻshilgan.

1941-yil 6-martda Surxondaryo okrugi Buxoro viloyati tarkibidan chiqarilib, Surxondaryo viloyatiga aylantirilgan.

1943-yil 20-yanvarda Beshkent, Gʻuzor, Dehqonobod, Qamashi, Qarshi, Koson, Kitob, Chiroqchin, Shahrisabz, Yakkabogʻ viloyatlari hamda Qarshi va Shahrisabz shaharlari Buxorodan yangi Qashqadaryo viloyati tarkibiga oʻtkazilgan.

1943-yil 13-fevralda Olot tumani tashkil etilgan, 1943-yil 2-avgustda Tomdi tumani Qoraqalpogʻiston ASSR tarkibidan Buxoro viloyatiga oʻtkazilgan.

1950-yil 15-aprelda Peshku, 1952-yil 16-aprelda Galaosiyo tumanlari tuzilgan.

1958-yil 22-sentyabrda Karmana tumani Navoiy deb nomlangan.

1959-yilda Galaosiyo, Peshku (1959-yil 19-mart) va Olot (1959-yil 9-dekabr) tumanlari, 1962-yil dekabrda Kogon, Konimex, Qiziltepa, Sverdlovsk va Shofirkon tumanlari tugatilgan.

1964-yil 31-dekabr Kogon, 1965-yil Konimex, 1967-yil 9-yanvar Sverdlov, 1968-yil Shofirkon, 1970-yil Qiziltepa, 1973-yil Olot, 1972-yil Peshku, 1980-yil 12-mart Navbahor, 1982-yilda – Gazli va Uchquduq tumanlari tashkil etilgan. 1972-yilda Zarafshon, 1978-yilda esa Uchquduq viloyatga boʻysunuvchi shahar maqomini olgan.

1982-yil 20-aprelda Navoiy viloyatiga Buxoro viloyati tarkibidan Konimex, Qiziltepa, Navbahor, Navoiy, Tomdi va Uchquduq tumanlari hamda Zarafshon va Uchquduq shaharlari kiritilgan.

1984-yilda Gazli tumani tugatilgan.

Tabiati

tahrir

Buxoro viloyati hududining relyefi aksariyat geomorfologik xususiyatlariga koʻra birmuncha murakkab tekisliklardan iborat. Eng baland joyi Quljuqtov tizmasi. Quljuqtov bilan Zarafshon daryosi vodiysi oraligʻida Oyoqogʻitma botigʻi joylashgan. Buxoro viloyatida quyidagi relyef koʻrinishlarini ajratish mumkin:

  1. Alohida ifodalangan past togʻlar, platolar (Quljuqtov, Tuzkoy, Jarqoq, Saritosh);
  2. Tekis yuzali plato va qirlar (Qorakoʻl, Dengizkoʻl, Uchbosh, Qoraqir);
  3. Daryo va koʻl yotqiziqlari bilan qoplangan va shamol taʼsirida vujudga kelgan akkumulyativ tekisliklar;
  4. Alohida ifodalangan berk botiqlar (Qoraxotin, Oyoqogʻitma, Dengizkoʻl);
  5. Yassi yuzali vohalarda balandligi 5—15 metrli tepalar uchraydi.

Togʻlar asosan silur, devon, toshkoʻmir, boʻr, paleogen, neogen davrlari jinslaridan tuzilgan. Tekislik va qumliklar toʻrtlamchi geologik davr tabiiy omillari taʼsirida oʻzgargan. Foydali qazilmalardan Setalantepa, Jarqoq, Gazli, Uchqirda gaz, Kemachi, Zikri, Oʻrtabuloqda neft-gaz hamda grafit konlari, ohaktosh, bentonit (gilmoya), granit konlari topilgan. Buxoro viloyatida juda koʻp mineral suv zaxiralari aniqlangan. Quljuqtov, Qoraxotin, Jingʻildi, Oyoqogʻitma botigʻi atroflaridan topilgan suvlardan xoʻjalikda qisman foydalaniladi. Viloyat seysmik jihatdan 7 balli, faqat Gazli shahri atrofi 9 balli zilzila zonasiga kiradi. Iqlimi keskin kontinental: yozi issiq, uzoq, quruq; iyulning oʻrtacha harorati 28—32°, qumliklarda 60—70° gacha koʻtariladi. Yanvarning oʻrtacha harorati 0° dan −2° gacha yiliga 90—150 mm yogʻin tushadi. Asosan bahor va qishda yogʻadi. Vegetatsiya davri 220 kun. Buxoro viloyatining asosiy suv manbai – Amu-Buxoro mashina kanali. Quyimozor, Toʻdakoʻl, Shoʻrkul suv omborlarining ahamiyati katta. Bundan tashqari vohalar atrofida zovur va oqova suvlar tashlanadigan Dengizkoʻl, Qoraqir, Katta Tuzkon va Devxona kabi koʻllar mavjud. Buxoro viloyati boʻyicha obikor yerlarning 94,4 % turli darajada shoʻrlangan. Choʻl zonasida kam chirindili qoʻngʻir tusli sur, qumli ishgandan soʻng, oziq-ovqat sanoatida tashkiliy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi.

Aholisi

tahrir

2022-yil 1-avgust holatiga koʻra, Buxoro viloyati aholisining soni 1 million 990 ming 400 kishini tashkil etdi – bu Oʻzbekiston viloyatlari orasida 9-oʻrin (14 tadan). Qishloq aholisi 62%, shahar aholisi esa 38% ni tashkil etadi[2].

Milliy tarkibi

tahrir

Oʻzbekistonning Buxoro viloyati aholisining 2021 yil uchun etnik tarkibi[3]:

Roʻyxatda hududda soni 500 kishidan oshgan millatlar keltirilgan

Hududiy boʻlinishi

tahrir
 
Boʻlinishi: Olot (1), Buxoro (2), Vobkent (11), Gʻijduvon (3), Jondor (4), Kogon (5), Qorakoʻl (6), Qorovulbozor (7), Peshkun (8), Romitan (9), Shofirkon (10)
# Tuman nomi Tuman markazi
1 Olot tumani Olot
2 Buxoro tumani Galaosiyo
3 Gʻijduvon tumani Gʻijduvon
4 Jondor tumani Jondor (shaharcha)
5 Kogon tumani Kogon
6 Qorakoʻl tumani Qorakoʻl (shahar)
7 Qorovulbozor tumani Qorovulbozor
8 Peshku tumani Yangibozor
9 Romitan tumani Romitan
10 Shofirkon tumani Shofirkon
11 Vobkent tumani Vobkent

Sanoati

tahrir

Korxonalar ilgʻor texnologiya bilan jihozlandi. Yangi qadoqlash liniyalari, Buxoro, Gʻijduvon, Qorakoʻl, Vobkent shaharlarida Germaniya texnologiyasiga asoslangan non sexlari ishga tushirildi. "Buxoroteks" aksiyadorlik jamiyatining filiallari Gʻijduvon, Vobkent, Qorakoʻl va Olotda ishlab turibdi. Buxoro pillakashlik fabrikasi va uning filiallarida pilla qayta ishlanmoqda. Buxoro trikotaj kiyimlar fabrikasida erkaklar, ayollar va bolalarning ustki va ichki kiyimlari ishlab chiqariladi. Buxoro tikuvchilik fabrikasi, Buxoro va Gʻijduvon poyabzal fabrikasi, Shofirkonda Turkiya bilan hamkorlikda qurilgan „Vardanzi“ tikuvchilik qoʻshma korxonasi, „Qorakoʻl“ aksiyadorlik jamiyati qoshida Gretsiya bilan hamkorlikda „Omega-Sitora“ qoʻshma korxonasi ishga tushirildi. Mahalliy sanoat korxonalaridan Buxoro „Zardoʻz“ aksiyadorlik jamiyati, Gʻijduvon kulolchilik sexi, Gʻijduvon va Shofirkondagi gilam toʻqish fabrikalari, Kogon paxta titish fabrikasi, Romitan toʻqimachilik fabrikasi, tikuvchilik, kashtadoʻzlik, miskarlik, zargarlik, kosibchilik va 20 dan ortiq gʻisht zavodlari ishlab turibdi. Paxta tayyorlash punktlari, quritish, tozalash sexlari, paxta tozalash zavodlari bor. Paxta tolasi yangi uskuna va texnologiyalar asosida jahon andozalariga muvofiq ishlab chiqarilmoqda. Buxoro uysozlik kombinati, Kogon ohak zavodi, Quyimozor va Kogon yigʻma temirbeton buyumlari zavodlari, Italiya bilan hamkorlikda qurilgan koshinlar ishlab chiqariladigan „Minokor“ zavodi, Buxoro temirbeton zavodi bor. Gazavtomatika ishlab chiqarish birlashmasida qurilish materiallari ishlab chiqariladi.

Qishloq xoʻjaligi

tahrir

Buxoro viloyati iqtisodiyotining asosini qishloq xoʻjaligi (paxtachilik, gʻallachilik, sabzavotchilik, bogʻdorchilik, chorvachilik) tashkil etadi. Viloyat dehqonchiligida sugʻoriladigan yerlar (tomorqa yerlar bilan birga) 273,7 ming ga, partov yerlar 14,2 ming ga, choʻl yaylovlari 2764, 6 ming ga, Paxta 129 ming ga, makkajoʻxori 857 ga, donli ekinlar 81,2 ming ga, sholi 200 ga, pomidor 2741 ga, sabzavot-poliz ekinlari 9,3 ming ga, lavlagi 116 ga, kartoshka 2967 ga, yem-xashak ekinlari 15,9 ming ga, shu jumladan, beda 7,1 ming ga, bogʻlar 18,2 ming ga, tutzorlar 5,9 ming ga, Buxoro viloyati da 236 shirkat uyushmasi va jamoa xoʻjaligi, 4162 fermer xoʻjaligi, 41 xoʻjaliklararo korxona, 5 parrandachilik fabrikasi mavjud (2001), Chorvachilik Buxoro viloyatining rivojlangan tarmogʻi boʻlib, qoramolchilik, qoʻychilik, echkichilik, yilqichilik, tuyachilik va parrandachilik rivojlangan. Ayniqsa, Buxoro qorakoʻllari mashhur. Buxoro viloyatining barcha tizimdagi xoʻjaliklarida 428 ming qoramol, shundan 184,7 ming sigir, 750 ming qoʻy, 64 ming echki, 3 ming yilqi, 2,8 ming tuya, 771 ming parranda mavjud (2001). Viloyatda ipak qurti ham boqiladi. 10 ta oʻrmonchilik xoʻjaligi boʻlib, asosiy oʻsimliklari saksovul, cherkez, qandim. Qorakoʻl oʻrmon xoʻjaligida esa dorivor oʻsimliklar ham yetishtiriladi.

Transporti

tahrir

Buxoro viloyatidan magistral temiryoʻli oʻtgan. Eng katta temiryoʻl stansiyasi – Kogon. Viloyat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllarining umumiy uzunligi 9820 km, shu jumladan qattiq qoplamali yoʻllar 4655 km (2000). Asosiy avtomobil yoʻllari: Buxoro-Toshkent, Buxoro-Urganch-Nukus, Buxoro-Turkmanobod (Chorjoʻy) va Buxoro-Termiz yoʻnalishlari. Aeroport bor.

Taʼlimi

tahrir

2000/2001-oʻquv yilida viloyatda 528 umumiy taʼlim maktabi boʻlib, 325,2 ming oʻquvchi, 25 gimnaziyada 5700 oʻquvchi taʼlim oldi. 1998-2001-yillarda 14 kasb-hunar kolleji va 5 akademik litsey qurib topshirildi. 14 kasb-hunar kollejida 2400 oʻquvchi oʻqiydi. 2001-2003-yillarda viloyatdagi mavjud 10 texnikum va 24 hunar-texnika bilim yurtlari kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga aylantiriladi (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 12-iyun qarori). Viloyatda 3 oliy oʻquv yurti bor: Buxoro davlat universiteti, Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyam instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti. Ularda 9800 talaba taʼlim oladi (2001). Buxoro shahrida Oʻzbekiston paxtachilik ilmiy tadqiqot institutining Buxoro filiali (1928-1994-yillarda Buxoro paxtachilik tajriba stansiyasi) faoliyat koʻrsatmoqda. Viloyatda Buxoro davlat meʼmoriy-badiiy muzey-qoʻriqxonasi (uning 6 filiali bor), 450 ommaviy kutubxona, 148 klub, 210 madaniyat uyi, 7 madaniyat va istirohat bogʻi, 15 badiiy havaskorlik jamoalari bor. Buxoro shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat kutubxonasi (1921) respublikadagi nufuzli kutubxonalardan sanalib, unda noyob qoʻlyozmalar mavjud. Buxoro viloyatida 2 ta teatr bor. Sadriddin Ayniy nomidagi musiqali drama va komediya teatri toʻngʻich oʻzbek professional teatrlardan biri. 1921-yil havaskorlar guruhi asosida tashkil qilingan. Buxoro viloyat qoʻgʻirchoq teatri 1982-yil tashkil qilingan. Buxoro viloyatidan Olim Xoʻjayev, Hikmat Latipov, Saʼdixon Tabibullayev, Lutfulla Nazrullayev, Nazokat Neʼmatova, Aminjon Akobirov, Razzoq Hamroyev kabi yirik sanʼatkorlar; Domla Halim Ibodov, Ota Jalol Nosirov, Otagʻiyos Abdugʻaniyev, Levina Hofiz, Sattor Yarashev, Oʻlmas Rasulov, Muxtor Ashrafiy, Mutal Burhonov, Mustafo Bafoyev singari xalq hofizlari va kompozitorlari. Maryam Yoqubova, Tesha Moʻminov, Baxtiyor Ixtiyorov, Ahmadjon Shukurov singari xalq artistlari yetishib chiqqan.

Sogʻliqni saqlash

tahrir

Viloyatda 6700 oʻrinli kasalxonada 4343 vrach va 16100 oʻrta tibbiy xodim ishlab turibdi. 22 ayollar konsultatsiyasi, 281 qishloq vrachlik punkti, 68 feldsher-akusherlik punkti, 28 qishloq uchastka kasalxonasi bor. 17 poliklinikada jarrohlik markazlari, 9 ambulatoriyada ixtisoslashtirilgan davolash markazlari tashkil etilgan. Viloyatda 3 sanatoriy, jumladan, Sitorai Mohi Xossa sanatoriysi mavjud. Buxoro shahridan 25 km narida Toʻdakoʻl dam olish maskani joylashgan. 2001-yilgacha oʻz kasbi boʻyicha xususiy ish faoliyati yuritish uchun viloyatda 150 mutaxassisga litsenziya berildi.

Sporti

tahrir

Buxoro viloyati sportchilari sportning koʻplab turlari boʻyicha turli darajadagi musobaqalarda ishtirok etmoqda (kurash, chim ustida xokkey, voleybol, futbol, tennis, boks va boshqalar). Buxoro viloyatida shakllangan va oʻz tarixiy ildiziga ega buxorocha kurash bugungi kunda oʻzbekcha kurash sifatida jahon sport olamida oʻziga xos oʻrin egalladi. Buxorodan sambo boʻyicha jahon va Yevropa chempioni Sobir Qurbonov, 2-marta jahon chempioni Shuhrat Xoʻjayev, jahon chempionlari Shuhrat Ochilov, Botir Turdiyev, Rauf Boltayev, Botir Xoʻjayev, kurash boʻyicha 1-jahon chempionlari Akobir Qurbonov, Kamol Murodov, Osiyo chempioni Farhod Turayev, Shuhrat Saʼdiyev (yunon-rum kurashi), Narimon Otayev (boks) kabi mashhur sportchilar yetishib chiqqan. „Sitora“ ayollar jamoasi chim ustida xokkey boʻyicha Osiyo chempionlari kubogi sohibidir (2000). Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, sport turlari Buxoro shahri va viloyatida ommalashdi. Zamonaviy sport inshootlaridan "Buxoro" futbol klubining 25000 tomoshabinga moʻljallangan „Buxoro“ stadioni, „Semurgʻ“ suv havzasi, „Olimpiya“ sport majmui, turli darajadagi xalqaro musobaqalar oʻtkaziladigan „Xumo“ tennis korti mavjud. Buxoro viloyatida 44 bolalar va oʻsmirlar sport maktabida 27 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim oladi (2001).

Adabiyoti

tahrir

Buxoro qadimdan shoir va ulamolar toʻplangan eng yirik shaharlardan biridir. Unga „Qubbat ul-islom“, „Buxoroi sharif“ unvonlari berilgan. Buxoroda „malik ul-kalom“ Abu Abdulloh Jaʼfar Rudakiy yashab, ijod qildi. Narshaxiyning "Buxoro tarixi" asarida goʻzal sheʼriy parchalar mavjud. Balʼamiy Tabariyning „Taʼrix…“ asarini Buxoroda fors tilida qaytadan yozgan. Ibn Sino buyuk qomusiy olim boʻlish bilan birga arab va fors-tojik tillarida sheʼriy asarlar yozgan. Buxorolik Daqiqiy Abu Mansur Muhammad Firdavsiyning ustozi boʻlib, „Shohnoma“ dostonini dastlab u yoza boshlagan. Abu Mansur Saolibiy „Yatimat ud-dahr“ tazkirasida X asrda poytaxt Buxoroda yashab, arab tilida ijod qilgan 25 shoir haqida qimmatli maʼlumotlar keltiradi. Uning yozishicha, „Buxoro Somoniylar hukmronligi davrida shon-shuhrat makoni, saltanat kaʼbasi va zamonasining ilgʻor kishilari jamlangan, yer yuzi adiblarining yulduzlari porlagan va oʻz davrining fozil kishilari yigʻilgan joy edi“. Avfiy Buxoriy adib, tarjimon va tazkiranavis olim edi. U Turon adabiyotida tazkiranavislik janriga asos solgan. Sharofiddin Buxoriy (XIII-XIV asrlar) mashhur "Chor kitob"ni tuzgan shofirkonlik ulugʻ mutasavvuf shoirdir.

Temuriylar sulolasi davrida Buxoroda Nosir Buxoriy, Ismat Buxoriy (1365-1426), Burunduq Buxoriy, Tohir Buxoriy, Xayoliy Buxoriy, Sayfiy Buxoriy (XV asr) kabi shoirlar yashab, devon tuzishgan. Ismat Buxoriy oʻzbek, fors va arab tillarida sheʼr yozish anʼanasini Buxoroda boshlab berdi. „Ibrohim Adham“ dostonini oʻzbekchada bitdi. U temuriy shahzoda Xalil Sultonning murabbiysi edi. Muhammad Solih Muhammad Shayboniyxonga bagʻishlangan oʻzbekcha „Shayboniynoma“ dostonini yozdi.

Shayboniylar sulolasining vakillari boʻlgan Buxoro xonlari Muhammad Shayboniyxon „Shayboniy“, Ubaydullaxon ibn Mahmud Sulton „Ubaydiy“, Abdullaxon II „Xon“ taxalluslari bilan sheʼr va dostonlar yozishdi, devon tuzishdi. Xususan, Ubaydullaxonning ijodi sermahsul boʻlib, u oʻzbek, fors, arab tillarida lirik gʻazallar, masnaviy yoʻlida soʻfiyona mazmun bilan sugʻorilgan risolalar yozgan. Hasanxoʻja Nisoriy "Muzakkiri ahbob" tazkirasida XVI asrda faqat Buxoroning oʻzida yashab, ijod qilgan 110 nafar shoir va tarixchilarning nomlarini keltiradi. Ular orasida Mavlono Abdurahmon Mushfiqiy, Mavlono Majlisiy, Fazlulloh ibn Roʻzbehon Isfahoniy („Mehmonnomayi Buxoro“ tarixiy asari va oʻzbekcha sheʼrlari bor), Mavlono Naxliy (1549-1636; u Hofiz Tanish Buxoriy boʻlib, „Abdullanoma“ – "Sharafnomai shohiy" tarixiy asarining muallifidir), Mavlono Xoja Muhammad Sadr (Afzaliy), Mavlono Foniy, Mavlono Qabuliy Buxoriy, Devona Husomiy (Husomiy Qorakoʻliy; 1442-1505), Said Podshohxoʻja bin Abdulvahhobxoʻja (Xoja), Mavlono Kasiriy, Mavlono Afsariy, Sayfiy Aruziy, Saqqo Buxoriy kabi mashhur shoirlar bor.

Turdiy Farogʻiy, Buxoriy Naxliy, Shavkat Buxoriy (XVII asr), Mulham Buxoriy, Voras, Saidkamol Fitrat (XVII-XVIII asrlar), Imlo Buxoriy, Abdullatif Kirom Buxoriy (XVIII asr) ashtarxoniylar davridagi eng taniqli shoirlar edi. Buxoro viloyati da mashhur shoir Sayido Nasafiy (XVII asr) yashab, ijod qildi. Yirik faylasuf olim Muhammad Sharif Buxoriy (vafoti 1697) "Favoidi Xoqoniya“ (1643), Muhammad Yusuf MunshiyTarixi Muqimxoniy“, Mir Muhammad Amir Buxoriy „Ubaydullanoma“, Muhammad Amin ibn Muhammad Zamon Buxoriy „Muhit attavorix“ tarixiy asarlarini yozishdi. Mir Muhammad Amin Buxoriy Subhonqulixon (hukmronligi 1681 – 1702) va Ubaydullaxon II ibn Subhonqulixon (hukmronligi 1702-1711) saroyida bosh munshiylik lavozimida xizmat qildi. Buxoro xoni Subhonqulixon „Nishoniy“ taxallusi bilan sheʼrlar yozdi. Muhammad Vafoyi Karminagiy (1685-1769) „Tuhfat ul-xoniy“ („Xon tuhfasi“) kitobining muallifidir. Shoir, tarixchi va munajjim Abdurahmon Toleʼ (XVIII asr) „Tarixi Abulfayzxon“ asarini yaratdi. Muhammad Sharif Buxoro amirligi tarixiga oid „Toj ut-tavorix“ (1800) asarini yozdi.

Buxoroda mangʻitlar sulolasi davrida Mirzo Sodiq Munshiy, Mirzo Ato, Muhammad Nishotiy, Mujrim Obid, Soʻfixoʻja Soʻfiy, Bebok, Vozeh, Savdo (1824-1873), Muztarib, Iso Maxdum Buxoriy (1827-1888), Muhammad Siddiq Buxoriy (1878-1902), Abdurahmon Tamkin (1851-1915), Mirzo Hayit Sahbo, Ahmad Donish, Yaʼqub ibn Doniyolbiy Buxoriy (1771-1831), Mulla Ibodulla va Mulla Muhammad Sharif (XVIII-XIX asrlar), Muhammad Olim Buxoriy (XIX asr), Mirzo Abdulazim Somiy Boʻstoniy kabi shoir va tarixchilar ijod qilishgan. Sadr Ziyo – Sharifjon Maxdum (1867-1932), Mirzo Sirojiddin Hakim (1877-1912), Mulla Ikrom (Ikromcha domla) ham ularning munosib izdoshlari edi. Buxorolik Afzali Pirmastiy (vafoti 1915) „Afzal uttazkor“ tazkirasi(1904)da XIX asr oxiri – XX asr boshida Buxoroda yashab oʻtgan 135 ijodkor haqida maʼlumot beradi.

Jadid adabiyotining tamal toshini qoʻyganlar safida buxorolik Abdurauf Fitrat va Sadriddin Ayniy bor. Abdulvohid Burhonov „Munzim“ taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. XX asrda Buxoroda oʻziga xos adabiy muhit shakllandi. Sulton Joʻra (1910-1943), Muhammadjon Rahimiy (1901-1967), Jalol Ikromiy, Toshpoʻlat Hamid (1927-1984), Saʼdulla Karomatov, Neʼmat Aminov, Jamol Kamol, Omon Muxtor, Oydin Hojiyeva, Toshpo‘lat Ahmad kabi shoir va adiblar shoʻrolar rejimi davrida ham badiiy jihatdan pishiq asarlar yaratishadi.

Bugungi oʻzbek adabiyotining taraqqiyotida Gulchehra Jo‘rayeva, Usmon Qoʻchqor, Sadriddin Salimov, Tilak Joʻra, Nortoʻxta Qilich, Safar Barnoyev, Yusuf Jumayev, Halima Ahmedova, Ahad Hasan, Vafo Fayzullo, Sulaymon Rahmon, Chorshaʼm Roʻzi kabi shoir va yozuvchilarning oʻziga xos hissasi bor. Mustaqillik davrida buxorolik ijodkorlar oʻz salaflarining anʼanalariga sodiq qolgan holda oʻzbek, tojik, rus tillarida samarali ijod qilishmoqda. Buxoro viloyatida Oʻzbekiston ijodiy uyushmalari (yozuvchilar, rassomlar, meʼmorlar, jurnalistlar va boshqalar) ning viloyat shuʼbalari faoliyat koʻrsatmoqda.

Matbuoti, radioeshittirishi va televideniyesi

tahrir

Buxoro viloyatida 2 viloyat gazetasi („Buxoronoma“, „Buxarskiy vestnik“), 11 tuman gazetasi, 2 shahar gazetasi chiqadi. Viloyatda, shuningdek 9 tarmoq gazetasi nashr etiladi. Buxoro viloyatida dastlabki radioeshittirishlari 1922-yildan boshlagan. Oʻsha davrdan radio ijtimoiy-siyosiy hayotga doir mazmunli eshittirishlari bilan eʼtibor qozonmoqda. Buxoro viloyati radiosi oyiga 30 soatlik hajmda eshittirishlar beradi (2001).1924-yilda Turkistondagi dastlabki kino tashkiloti Buxoroda tuzildi (qarang „Buxkino“). 1993-yildan Buxoro viloyati televideniyesi faoliyat koʻrsatmoqda. Studiya uchun maxsus bino qurilgan. Bir oylik koʻrsatuvlar vaqti 30 soatdan ortadi. Buxoroda "Istiqlol" xususiy televideniyesi tashkil etilgan (1995). Buxoro viloyati Gʻijduvon shahrida „Ark“ xususiy televideniyesi ham bor.

Meʼmoriy yodgorliklari

tahrir

Buxoro viloyati qadimiy davr, ilk va oʻrta asrlarda qurilgan meʼmoriy yodgorliklarga juda boy. Hozirgi vaqtda Buxoro davlat meʼmoriy-badiiy muzey-qoʻriqxonasi hisobida 997 tarixiy yodgorliklar mavjud. Turondagi eng qadimgi yodgorliklardan biri sanalgan Buxoro hukmdorlarining qarorgohi – Buxoro arki (miloddan avvalgi I asr) bugungi kungacha saqlangan.

Shahar yonidagi Fathobodda Sayfiddin Boharziy maqbarasi (XIII asr), Bayonqulixon maqbarasi (XIV asr), Buxoro tumanidagi Sumiton qishlogʻida Chorbakr ansambli (XVI asr), Hazrat bobo masjidi (XVIII asr), amirning yozgi qarorgohi – Sitorai Mohi Xosa saroyi (XIX-XX asrlar), Vobkent tumanida Vobkent minorasi (XII asr), Chashmai Ayyub hazirasi (1208), Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy maqbarasi (XIII asr), Abdurahmon Vali maqbarasi (XIV asr), Vobkent hammomi (XVI-XVII asrlar), Toshmasjid (XVI-XVII asrlar), Soʻfidehqon xonaqosi (XVII-XVIII asrlar), Jondor tumanida Varaxsha shahar xarobalari (VII asr), Mahmud Tarobiy dahmasi (XIII asr), Qizbibi majmuasi (XV asr), Kogon tumanidagi Qasri Orifonda Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi, Abdulazizxon xonaqosi va Dahmai Shohon (XIV-XVI asrlar), Hazrat Mir Kulol maqbarasi (XIV asr), Kogon shahrida Temiryoʻlchilar (sobiq Amir) saroyi (XIX-XX asrlar), Peshkoʻ tumanida Xoʻjam Bandi Kushod va Xoʻjam Said Poʻlat maqbaralari (XVIII-XIX asrlar), Romitan tumanida Xoja Ali Romitoniy – Xojai Azizon va Xoja Muhammad Boboyi Samosiy maqbaralari (XIV asr), Mulla Mir Hakim xonaqohi, Shofirkon tumanida Vardonze shahar yodgorligi (VI-VII asrlar), Hazor Hyp dahmasi (VIII asr), Revgariy Xoja Orif – Mohitobon maqbarasi (XIII asr), Qorovulbozor tumanida Boʻzachi va Qorovulbozor sardobalari (XVII asr), Qorakoʻl tumanida Poykend shahar xarobalari (VIII asr). Shoburhon ota maqbarasi va masjidi, Gʻijduvon tumanida Abduxoliq Gʻijduvoniy – Xojai Jahon (XII asr) masjidi va maqbarasi, Ulugʻbek madrasasi (XV asr), Toshmasjid va Dehqonbobo xonaqosi (XV-XVI asrlar), Xoja Soktare masjidi (XVII asr), Chorsu masjidi (XVIII-XIX asrlar) kabi noyob meʼmoriy obidalar saqlangan.

Shuningdek, Buxoro vohasida Raboti Malik karvonsaroyi va Malik sardobasi (XI asr), Karmana shahrida Mirsaid Bahrom maqbarasi (X-XI asrlar), Qosim Shayx xonaqohi (XVI asr) mavjud. Bu tarixiy yodgorliklarda Sharq meʼmorlik anʼanalari oʻzaro uygʻunlashib ketgan. Oʻzbek xalqi tomonidan ikki ming yil mobaynida bunyod qilingan bu obidalar ajdodlarimizning boy isteʼdodi va badiiy mahoratidan, katta yaratuvchilik qudratidan dalolat beradi[4].

Manbalar

tahrir
  1. [https://www.buxstat.uz/uz/ „BUXORO VILOYATI RAQAMLARDA (2022- YIL YANVAR-SENTABR HOLATIGA)“]. Qaraldi: 2023-yil 19-yanvar.
  2. Комитет по Статистике Узбекистана. Демографические данные за 2019 год, 2020 — 6-bet. 
  3. „Постоянное население по национальным и/или этническим группам“. Портал открытых данных Республики Узбекистан data.egov.uz. Qaraldi: 2023-yil 5-iyul.
  4. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil