Qovuq
Qovuq, siydik pufagi — odam, baʼzi umurtqasizlar va koʻpchilik umurtqalilarning ichi boʻsh xaltasimon aʼzosi, unda siydik yigʻiladi; sigʻimi 500—700 ml. Boʻsh Q. puchaygan holda boʻlib, ichida siydik bor-yoʻqligiga qarab, shakli oʻzgarib turadi. Kichik chanokda qov birikmasi ortida yotadi; oʻning tubi, tanasi va uchi tafovut qilinadi. Q. devorida kuchli muskul qavati boʻlib, u qisqarganida Q. boʻshligʻi kichrayadi. Siydik naylari Q.qa ochiladigan joyida va siydik chiqarish kanalining ichki teshigi atrofida aylana muskul tutamlari sfinkterlar hosil qiladi, ular siydikning Q.qa tushishini va Q.dan chiqishini rostlab turadi. Ayollar qovugʻining orqasida bachadon va qin, erkaklarda esa urugʻ pufaklari va urugʻ chiqarish yoʻllari boʻladi. Q.ning old tomonida qovuq bilan qov suyaklari orasida ularni ajratib turuvchi oraliq bor, shuning uchun Q. erkin harakat qila oladi. Q. siydik bilan toʻlganda chanoq boʻshligʻidan koʻtarilib, qov birlashmasidan yuqoriga, hatto kindikgacha boradi.
Siyish murakkab reflektor holat, bunda qovuqni boʻgʻadigan muskullar qisqaradi, siydik chiqarish kanalining sfinkterlari boʻshashadi. Sogʻlom odam qovugʻida 250—300 ml siydik toʻplanganida siygisi qistaydi. Normal sharoitda odam bir sutkada 4—6 marta siyadi. Sogʻlom kishi suyuqlikni koʻp isteʼmol qilsa, tez siyadi; quruq ovqat yesa yoki yilning issiq faslida siydik miqdori kamayadi.
Mabalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |