Kim Dong-in
Kim Dong-in | |
---|---|
Tavalludi |
1900-yil 2-oktyabr KXDR, Pxenyan |
Vafoti |
5-yanvar 1951-yil (50 yoshda) Janubiy Koreya, Seul |
Ijod qilgan tillari | Koreys tili[1] |
Fuqaroligi | Koreya Respublikasi |
Yoʻnalish | realizm va naturalizm |
Faoliyat turi | Yozuvchi, adabiyotshunos, shoir va jurnalist |
Kim Dong-in (koreyscha: 김동인; 2-oktyabr 1900-yil — 5-yanvar 1951-yil) — janubiy koreyalik yozuvchi, adabiyotshunos, shoir va jurnalist.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kim Dong-in 1900-yil 2-oktabrda Pxenyan (KXDR) shahrida tugʻilgan. Zamonaviy koreys adabiyotida realizm va naturalizmning asoschilaridan biri hisoblanadi. Uning otasi zodagon yer egalaridan boʻlgan. Kim Dong-in 1907-yildan 1912-yilgacha protestantlik maktabi boʻlgan — Sungdok (숭덕소학교) boshlangʻich maktabida oʻqigan. 1912-yilda oʻqishini Sungsil (숭실학교) maktabiga koʻchiradi. Keyingi yili u oʻqishni tashlab, 1914-yilda boshqa koʻplab yosh koreys ziyolilari singari Yaponiyada tahsil olishga joʻnaydi va Tokio oʻrta maktabi (도쿄학원) ga oʻqishga kiradi. 1915-yilda maktab yopilganidan keyin u Meiji (메이지 학원) oʻrta maktabining ikkinchi kursiga oʻtadi. 1917-yilda otasining vafotidan soʻng vaqtincha Koreyaga qaytib keladi. Shu yilning oʻzida u Meidzi maktabini tashlaydi va sentyabr oyida yana Yaponiyaga oʻqishga joʻnaydi. Kim Dong-in Yaponiyaning Tokio shahridagi Kavabata Xvasuk nomli sanʼat maktabiga oʻqishga kiradi va u yerda gʻarb rassomi Takedzi Fujishimaga shogird tushadi. Tokioda oʻqib yurgan chogʻlarida u Li Gvang Su (이광수), An Chje Xong (안재홍) va Shin Ik Xe (신익희)lar bilan doʻstlashadi. Kim yozuvchilik bilan shugʻullanishga qaror qilganidan soʻng oʻqishni tashlaydi. 1919-yil fevral oyida u Tokio shahrida „Ijod — ijod uchun“ gʻoyasi ostida Koreyaning ilk sof adabiy jurnali boʻlgan „Chanjo — ijod“ (창조) jurnalini nashr eta boshlaydi. 1938-yilda Yaponiya imperatorini haqorat qilgani uchun qamoqqa tashlangan. Yozuvchi 1951-yil 5-yanvarda Seulda, oʻz uyida vafot etadi. Yozuvchi nomini abadiylashtirish maqsadida 1955-yilda Sasangke (사상계) tashkiloti tomonidan Kim Dong-in nomidagi „Dongin“ adabiy mukofotini taʼsis etilgan va mukofot 1956-yildan beri adabiyotda yutuqlarga erishayotgan ijodkorlarga berib kelinadi.
Ijodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kim Dong-inning adabiyotdagi ilk debyuti „Zaiflarning qaygʻulari“(약한 자의 슬픔) qissasi hisoblanadi. 1925-yilda Kim oʻzining eng mashhur asarlaridan biri — „Kartoshka“ (감자[2]- oʻzbek tiliga „Bir savat batat“ tarzida tarjima qilingan.) asarini nashr etdi, asar koreys „realistik“ fantastikasida yutuq sifatida eʼtirof etiladi[3]. U birinchilardan boʻlib koreys tilidagi asarlarida uchinchi shaxs olmoshlarini ishlata boshlagan. Kim Dong-in koʻpincha oʻz ijodiy izlanishlarini adib Li Gvansu didaktikasiga qarama-qarshi tarzda olib borgan[4]. 1938-yilda uning „Gyon Xvon“ (견훤) romanini nashr etadi. Romanda Pekje qirollaridan boʻlgan Gyon Xvon bosh qahramon sifatida gavdalantirilgan. Keyingi yillarda Kim „Xoin“ (1946) va „Millatsiz odam“ (1947) kabi hikoyalarini nashr etdi. Kim Dong-inning koʻplab hikoyalari asosida bir qancha filmlar ham suratga olingan. 1968-yilda Koreyalik yozuvchi Kim Sengok „Kartoshka“ hikoyasi asosida sennariy yozadi va bu filmga oʻzi rejissorlik qiladi[5]. Hikoya 1987-yilda rejissor Byun Jang Xo tomonidan yana qayta ekranlashtirilgan. Shuningdek, yozuvchining „Yoshlar“ asari Ko Seong-Vi rejissorligida (1985-yil), „Bir xil oyoq barmoqlari“ asari Kim Su-Yong rejissorligida (1976-yil), „Olovli sonata“ asari Ko Young-nam rejissorligida film sifatida ishlangan.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]배따라기 (Bettaragi)
감자 (Kartoshka)
광화사 (Gvanxvasa ibodatxonasi)
붉은 산 (Qizil togʻ)
운현궁의 봄 (Unxyongunning bahori)
광염 소나타 (Olovli sonata)
Mustaqillik harakatidagi ishtiroki
[tahrir | manbasini tahrirlash]1918-yilning dekabrida Kim Dong-in Li Kvang Su, Choy Pal Yong va Shin Ik Xi bilan birgalikda Mustaqillik Deklaratsiyasini tayyorlash loyihasida ishtirok etadi. 1919-yil fevral oyida Tokiodagi Xibiya bogʻida u Yaponiyadagi Tokio koreys chet ellik talabalar uyushmasining Mustaqillik deklaratsiyasi yigʻinida qatnashganligi uchun hibsga olinadi va bir kundan keyin qoʻyib yuboriladi. 1919-yil 5-martda u Koreyaga qaytib keladi, mustaqillik harakatida ishtiroki uchun adib yana hibsga olinadi. Kim Dong-in koʻplab maʼrifatparvar olimlar kabi xalq orasida ilm, maʼrifat adabiyot va fan sohalarini keng targʻib qilishga harakat qilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ (unspecified title)
- ↑ Kim, Dong-in „ʻSWEET POTATO’ BY KIM TONGIN (REVIEW)“. https://tonysreadinglist.wordpress.com/. https://tonysreadinglist.wordpress.com/.
- ↑ Kim, Dong-in „Modern Korean Fiction: An Anthology“. https://search.library.uq.edu.au/.
- ↑ Dong-in, Kim „Naturalistic Sensibility and Modern Korean Literature: Kim Tongin“. https://diginole.lib.fsu.edu/. https://diginole.lib.fsu.edu/.
- ↑ Kim, Dong-in „Kamja“. https://movie.naver.com/.