Alotxona
Alotxona — Buxoro viloyati, Buxoro tumani Losha fuqarolar yigʻini hududidagi aholi pukti nomi. Alotxona „arlot urugʻi vakillari yashaydigan maskan“ degan maʼnoni anglatadi. Alotxona toponimi ikki qismdan iborat: alot+xona. „Arlot“ soʻzi esa arlot/olot/allot shakliga egadir. "Arlot qabila nomidan kelib chiqqan boʻlib, dialektial talaffuzga ega. Xona soʻzi esa izohli lugʻatda "uy yoki binoning devor bilan ajratilgan qismi, boʻlma deb taʼrif beriladi. Aslini olganda forscha-tojikcha boʻlgan xona soʻzidan „biror buyum turadigan, saqlanadigan joy“, „ish joyi“ maʼnosidagi koʻplab soʻzlar yasalgan. Masalan toʻpxona, otxona, molxona, nonxona va boshqalar. Tadqiqotchi X.Doniyorov oʻz monografiyasida arlot etnonimini olot shaklida bergan. S.Qoriyev esa arlot qabilasi „92 bovli oʻzbek qavmlari“ qatorida „Jome at-tavorix“, „Ravzat us-safo“, „Shayboniynoma“da, „Abdullanoma“, „Shajarayi turk“ asarlarida, Navoiy asarlarida uchratganini yozgan. Zahiriddin Muhamad Bobur „Boburnoma“ asarida „Olot“ atamasi turkiy soʻz boʻlib, u qimmatbaho bir ashyo, buyum sifatida tilga olingan. Olot atamasi turkiy arlot (orlot) urugʻidan kelib chiqqanligi taxmin qilinadi[1]. Tarixchi va hukmdor Abulg’ozi Bahodirxon oʻz asarida arlot soʻzini „oʻz onasining sevgan oʻgʻli“ deb yozadi. Arlotlar oʻzbek qavmlarining eng koʻp tarqalganlardan biridir. Ushbu qavm Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm va shuningdek Avgʻonistonning shimolida keng tarqalgan. Buxoro viloyatining Olot tumani, Peshku tumanidagi Alot aholi punkti nomi arlot bilan aloqador. Olot tumanida Yuqori Olot va Eski Olot toponimlari ham mavjud[2].