[go: nahoru, domu]

Kontent qismiga oʻtish

Boʻka tumani

Koordinatalari: 40°48′43.2″N 69°12′17.6″E / 40.812000°N 69.204889°E / 40.812000; 69.204889
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Boʻka tumani
Boʻka tumani
tuman
Tarkibida Toshkent viloyati
Maʼmuriy markazi Boʻka (shahar)
Hokimi Begmatov Baxtiyor Paxriddinovich
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Boʻka tumani xaritada
40°48′43.2″N 69°12′17.6″E / 40.812000°N 69.204889°E / 40.812000; 69.204889

Boʻka tumani — Toshkent viloyati tarkibidagi tuman. Viloyatning jan.gʻarbiy qismida joylashgan. 1943-yil 18-mayda tashkil etilgan. Shim.gʻarbda viloyatning Oqqoʻrgʻon, shim.sharqda Piskent, jan.da Bekobod tumanlari bilan, gʻarbda Sirdaryo viloyatining Oqoltin va Guliston tumanlari, sharqda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,59 ming km². Aholisi 111,8 ming kishi (2001). Boʻka tumani da 1 shahar (Boʻka), 8 qishloq fuqarolari yigʻini (Boʻston, Koʻkorol, Namuna, Ravot, Turon, Chigʻatoy, Qoraqoʻyli, Qoʻshtepa) bor. Markazi — Boʻka shahri.[1]

Tabiati. Boʻka tumani hududi jan. va jan.gʻarbga tomon Sirdaryoga qiya tushgan togʻ oldi tekisligidan iborat. Iqlimi keskin kontinental, quruq iqliim. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —1" dan —1,5" gacha, iyulniki 27°. Vegetatsiya davri 210—215 kun. Yiliga 250-350 mm yogʻin tushadi. Boʻz tuproqlar bilan qoplangan, unumdor tekisliklarning koʻp qismi oʻzlashtirilgan. Daryo boʻylarida qumloq tuproqlar, Sirdaryo sohillarida toʻqayzorlar bor. Ularda chiyaboʻri, tulki, toʻngʻiz, quyon, tustovuq uchraydi.

Aholisi, asosan oʻzbeklar, shuningdek tojik, qozoq, qirgʻiz, rus, tatar, turk va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 kmga 155 kishi. Shaharliklar 20,5 ming kishi, qishloq aholisi 91,3 ming kishi (2001).

Xoʻjaligi. Boʻka tumani sanoati kam rivojlangan. Paxta tozalash zavodi, maishiy xizmat koʻrsatish, taʼmirlash, xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqaruvchi kichik korxonalar, avtobazalar, avtobustaksomotor parki bor. Turkiya bilan hamkorlikda qurilgan „Akkummashservis“ korxonasi traktor va avtomobillar uchun akkumulyator batareyalari ishlab chiqaradi. 168 kichik korxona, 15 kooperativ korxona mavjud.

Boʻka tumani tuman xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi boʻlib, asosan paxtachilik, sabzavotchilik, chorvachilikka ixtisoslashgan. Tuman hissasiga Toshkent viloyati qishloq xoʻjaligi yalpi mahsulotining 8,2%, paxta yalpi hosilining 15,2%, gʻallaning 9,7% toʻgʻri keladi (1995). Boʻka tumani dagi 22 shirkat xoʻjaligining 21 tasi paxtachilikka, bittasi bogʻdorchilik, tokchilikka ixtisoslashgan, 1 ta xoʻjalikaro qishloq xoʻjaligi korxonasi, 279 fermer xoʻjaligi, 206 shaxsiy kichik korxona bor. Umumiy ekin maydoni (tomorqalar bilan birgalikda) 38,7 ming ga boʻlib, asosan sugʻoriladigan yerlardir. Ekin maydonining asosiy qismi paxta, gʻalla, sabzavot, kartoshka, yemxashak ekinlari bilan band. Pilla yetishtiriladi. Baliqchilik bilan shugʻullaniladi. Chorvachiligi asosan goʻsht-sut yetishtirishga ixtisoslashgan. Tumanda 25,8 ming qoramol, shundan 11,8 ming sigir, 19,9 ming qoʻy va echki bor. Boʻka tumani Toshkent viloyati va respublika tumanlari bilan avtomobil yoʻllari orqali bogʻlangan.

1999/2000 oʻquv yilida 52 umumiy taʼlim maktabida 23400 oʻquvchi oʻqidi. Akademik litsey, musiqa maktabi, agrokollej, 50 maktabgacha yoshdagi bolalar muassasasi, 48 kutubxona, muzey, madaniyat saroyi, kinoteatr mavjud. Markaziy kasalxona (370 oʻrinli), 3 qishloq kasalxonasi, feldsherakusherlik punktlarida 160 vrach, 975 oʻrta tibbiy xodim faoliyat koʻrsatadi. „Xalq ovozi“ tuman gaz. (1952-yildan) nashr etiladi.

  1. "Boʻka tumani" OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil