[go: nahoru, domu]

Kontent qismiga oʻtish

Ehtiyojlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ehtiyojlar — organizm, inson shaxsi, ijtimoiy guruh, umuman jamiyatning hayot faoliyatini saqlab turish uchun zarur boʻlgan narsalarga talab, muhtojlik. Nazariy va amaliy iqtisodiyotning fundamental kategoriyalaridan biri. Ehtiyojlar subʼyekt bilan uning faoliyati oʻrtasidagi bogʻlanishlarni ifoda etadi va maqsadlar, mayllar, intilishlarda va pirovardida hattiharakatlar, feʼlatvorda yuzaga chiqadi. Faoliyat sohasiga qarab mehnatga, bilimga, muloqotlarga; obʼyektiga qarab moddiy, maʼnaviy; subʼyektiga koʻra yakka (shaxsiy), guruhiy, jamoaviy, ijtimoiy ehtiyojlar boʻlishi mumkin. Ehtiyojlarning umumiy qonuniyati — ularning umuman bevosita inson faoliyatiga, xususan, ijtimoiy ishlab chiqarish ga bogʻliq boʻlishidir. Ayni payda faollikka undovchi kuch boʻlgan ehtiyojlar, oʻz navbatida, hayot sharoitlariga tanlama taʼsir koʻrsatadi, ularning oʻziga xos tomonlarini belgilaydi, u yoki bu faoliyat usullarini va ehtiyojlarni qondiradigan predmetlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantiradi. Masalan, bir vaqtlar kishilarda avtomobilga paydo boʻlgan ehtiyojlar ularni yaratish yoʻlida izlanishlarning boshlanishiga sabab boʻldi, butun bir sanoat tarmogʻining paydo boʻlishiga olib keldi.

Tarixan ehtiyojlar oʻsib boradi, ular xilmaxil, oʻzgaruvchan, tuzilmaviy oʻzgarishlarga uchrab turadi. Ehtiyojlar tizimida iqtisodiy ehtiyojlar asosiy oʻrinda turadi. Ularga birinchi navbatda, moddiyashyoviy ehtiyojlar (moddiy va maʼnaviy) — oziq-ovqat mahsulotlariga, kiyimkechak, axborot vositalari (gazeta, kitob va boshqalar)ga ehtiyojlar, shuningdek, iqtisodiy ehtiyojlar tuzilmasida oliy oʻrinda turadigan mehnat qilish, taʼlim olish, sogʻliqni saqlash ehtiyojlari kiradi.

Iqtisodiy ehtiyojlarni ham ularni roʻyobga chiqaradigan subʼyektlariga qarab tasniflash mumkin (shaxsiy — yakka, jamoa va ijtimoiy — umumiy ehtiyojlar).

Bozor munosabatlari sharoitlarida iqtisodiy ehtiyojlar pul bilan vositalanadi va talab sifatida yuzaga chiqadi (qarang Talab va shaklif). Ishlab chiqarish va ehtiyojlar oʻrtasidagi teran ichki bogʻlanishlar ehtiyojlarning oʻsib borishi qonunida oʻz ifodasini topadi. Iqtisodiyotning butun tarixini eng oddiy ehtiyojlardan tobora har tomonlama rivojlangan inson ehtiyojlarining shakllanishiga oʻtish tarixi tarzida qarash mumkin.