[go: nahoru, domu]

Kontent qismiga oʻtish

Ktubba

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ktubba (koʻp. ktubbot)- yahudiylikda erkak bilan ayolning nikoh qurishga roziligini tasdiqlovchi hujjat. Mil. avv. 449 yilga oid Elifantina yahudiy jamoasiga tegishli boʻlgan, oromiy tilida yozilgan papirusda orasidan yozma nikoh shartnomasi topilgani Ktubbalar Ikkinchi Ibodatxona davrining ilk bosqichlarida tuzila boshlanganini koʻrsatadi. Ktubbaning deklarativ qismida nikoh qayd etilayotgan joy va sana, nikohlanayotganlarning va otalarining ismlari, er kishi tomonidan ayol kishiga nikohga chiqishlik toʻgʻrisidagi taklif hamda uni eʼzozlash, roʻzgʻorni tebratish, erlik vazifalarini bajarish, agar oila buzilish holatiga kelsa, tuzilayotgan ktubbada belgilangan miqdordagi pulni berish kabi mas’uliyatlar belgilab qoʻyiladi. Ktubbaning bu qismi ayolning roziligi bilan yakunlanadi. Talmudda er ayoliga toʻlashi lozim boʻlgan pulning eng kam miqdori etib turmush qurmagan bokira ayolga 200 zuz, beva yoki ajrashgan ayolga 100 zuz etib belgilangan (zuz Mishna davrida – 3,5 gramm kumushni tashkil etgan). Kumushni har bir davrdagi qiymati bilan, oʻsha joyning pulida toʻlanadi. Shuningdek ktubbada, erkak tomonidan asosiy puldan bir necha marta koʻp miqdordagi pul (tosefet ktubba) ham alohida qayd etib qoʻyiladi. Bularning barchasini bajarishni kafolatlab nikoh qurayotgan kishi oʻzi hamda merosxoʻrlari zimmasiga oladi. Xuppa ostida ovoz chiqarilib ktubba oʻqilgach, uni nikohlari tuzilganlarga taqdim etiladi. Ktubba yoʻqolib qolgan taqdirda er bet-dinning ishtirokida, asl ktubbada yozilgan barcha majburiyatlarni yozgan holda yangisi beriladi. Ortodoks jamoalarda qadimdan saqlanib kelayotgan oromiy tilidagi ktubbaning matni hozirgi kunga qadar qoʻllash majburiy hisoblanadi. Konservativ jamoalarda oromiy tildagi matn bilan bir qatorda, mahalliy tildagi tarjimasi ilova qilinadi. Reformist jamoalarda esa, ktubbaning oʻrniga Amerika reformistlar markaziy konferensiyasi ravvinlari tomonidan shakllantirilgan nikoh guvohnomasi taqdim etiladi. Ktubbaga naqshlar orqali bezak berish amaliyoti oʻrta asrning ilk davrlariga toʻgʻri keladi. Shunday ktubbalarning ilk nusxasi Misrdan topilgan boʻlib, 11-asrga borib taqaladi. Umuman olganda, 17- 18 asrlarga oid Italiya, Niderlandiya, Yaqin Sharq mamlakatlarida ktubbotlarga ishlangan ornamentlar mashhur hisoblanadi[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 261.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.