[go: nahoru, domu]

Kontent qismiga oʻtish

Jayron (pitomnik)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"Jayron" Buxoro ixtisoslashgan pitomnigi — Buxoro viloyatida Kogon shahri janubidagi Momojurgoti platosi etagida joylashgan. Oʻrta Osiyoda noyob choʻl hayvonlarini koʻpaytirish va reintroduksiyalashga ixtisoslashgan ilmiy markaz.

Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tarkibiga kiradi. 1976-yilda tashkil etilgan. Maydoni 5145 ga. 1977-yildan pitomnikka 42 bosh jayron (qoraquyruq) keltirilib, ularni koʻpaytirish ishlari boshlandi (1987-yilda ularning soni 1225 taga yetdi va reja asosida qoʻshni va boshqa hududlarga tarqatildi). Bu yerda jayronlar bilan birgalikda yo‘rg‘a tuvaloq, qulon, gepard, Prejevalskiy oti, buxoro bug‘usi (xongul) kabi xalqaro va Oʻzbekiston Respublikasi qizil kitobiga kiritilgan turlar ham koʻpaytirish va oʻrganish ishlari olib boriladi. Kuzda birqozon, oqqushlar, qizilgʻozlar va koʻplab yirtqich qushlar uchraydi. Markaz janubida Amu—Buxoro kanali hosil qilgan sunʼiy koʻllar bor. Ular tuyoqli hayvonlarning suv ichish joyi boʻlib, juda koʻp suv qushlarini ham jalb qiladi. Markaz atrofi yirtqichlarning ichkariga oʻtishiga toʻsiq boʻlishi uchun 36 km uzunlikda balandligi 2 m boʻlgan simtoʻr bilan oʻralgan.

Pitomnikda yashovchi turlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pitomnik xududida Oʻzbekiston Respublikasi va xalqaro qizil kitobiga kiritilgan koʻplab turlar yashaydi. Shulardan biri Prjevalskiy oti boʻlib aslida Oʻzbekiston faunasi uchun xos boʻlmagan tur hisoblanadi. Boʻyi past, kallasi katta, boʻyni kalta va yoʻgʻon, Aygʻirining yagʻrin balandligi 125—135 sm, gavdasi uzunligi 230 sm gacha, oyoqlari ingichka, vazni 300 kg gacha. Biyasi aygʻiridan kichikroq. Yoli qisqa va tik turadi, peshonasida yoli yoʻq. Juda ehtiyotkor. Choʻl oʻsimliklari bilan oziqlanadi. Boʻgʻozlik davri 11 oy, 1—2 ta bola tugʻadi. Shimoliy Gʻarbiy Xitoy va Mongoliya (Jungʻoriya) choʻllarida yashagan. Oxirgi marta yovvoyi tabiat qoʻynida 1967 va 1969—yillarda uchratishgan. Hozirda faqat hayvonot bogʻlari yoki qoʻriqxonalarda uchratish mumkin. Qizil kitobga yoʻqolib borayotgan tur sifatida kiritilgan bu jonivorlardan butun dunyoda 2000 dona qolgan. Ushbu tur Buxoroga 1987—yilda Sankt—Peterburg shahridan olib kelingan boʻlib, avvaliga tutqunlikda koʻpaytirilgan, soʻngra, qoʻriqxona xududiga qoʻyib yuborilgan. Hozirda pitomnikda 18 bosh Prjevalskiy oti yashayotgani maʼlum[1]. Bundan tashqari qoʻriqxonada 1203 bosh jayron, 164 bosh turkman quloni, shuningdek, volyer sharoitida 47 bosh Buxoro togʻ qoʻyi va 1 bosh buxoro bugʻusi saqlanmoqda[2]. Jayron pitomnigida hayvonlardan boshq, oʻsimliklarning 250 dan ortiq tur oʻsadi. Hayvonlardan sut emizuvchilarning 32, qushlarning yil davomida 250 dan ortiq, sudralib yuruvchilarning 18, suvda hamda quruqlikda yashovchilarning 2, baliqlarning 8 hamda umurtqasizlarning 700 dan ortiq turi uchrashi aniqlangan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil