[go: nahoru, domu]

Kontent qismiga oʻtish

Usmon Umarov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Usmon Umarov
Tavalludi 1938-yil yanvar
Kasbi Pedagog
Unvoni Professor
Otasi Xolmurod Umarov
Onasi Xurdona Qulmurodova

Usmon Umarov (1938-yil yanvar, Surxondaryo) —– Siyosiyat va iqtisod fanlari rivojiga hissa qoʻshgan olim, professor.

Usmon Umarov – 1938-yilning yanvar oyida, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida tavallud topgan. Otasi Xolmurod Umarov va onasi Xurdona Qulmurodova oʻqituvchi boʻlishgan. Usmon Umarov pedagoglar oilasida tarbiya topgan. 1946-yilda yetti yillik maktabni tugatgan va Termiz pedagogika bilim yurtida tahsil ola boshlagan. Umarov ushbu bilim dargohida Temir Mirzayev, M.Tuxvatulina, Saxobuddinov, Qori Usmonov singari tajribali pedagoglardan taʼlim olgan[1].

Ish faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1949-yilda Termiz pedagogika bilim yurtini tamomlagach, Sherobod tumaniga ishlash uchun yoʻllanma olgan. 1949-yildan boshlab 1953-yilga qadar Sherobod tumanida joylashgan 26-40 son yetti yillik maktablarda fizika-matematika va tarix fanlaridan oʻquvchilarga dars bergan. Usmon Umarov 1952-yilda Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasiga (KPSS) aʼzo boʻlgan. 1953-yilning fevral oyidan sentyabr oyiga qadar matematika fanidan Sherobod va Angor tumanida joylashgan yetti yillik maktablarda dars bergan. Shu bilan bir qatorda, Angor tumani partiya komitetining propaganda va agitatsiya boʻlimida mudir oʻrinbosari lavozimida ham faoliyat olib borgan. 1953—1957-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining tarix yoʻnalishida oʻqishni davom ettirgan. Institutda Usmon Umarov tarix fanlari doktori, professor Sh. Abdullayev, Y.Gʻulomov, E.Nuriddinov hamda iqtisod fanlari doktori, professor O.Aminov, I.Oʻlmasboyevlardan saboq olgan. Institutni tugatgach yana Surxondaryoga qaytgan va Termiz shahrida joylashgan Mendeleyev nomidagi oʻrta maktabda ozroq muddat ishlagan. 1957-yilning dekabr oyidan boshlab tuman partiya komitetining direktori sifatida faoliyat olib borgan[1].

Ijodiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1959-yilda Usmon Umarovning „Surxondayo oblasti yetti yillikda“ nomli ilk broshyurasi nashr etilgan. Broshyurada Surxondaryoning 1955—1959-yillardagi iqtisod va madaniyat sohasi rivoji aniq maʼlumotlar bilan koʻrsatib berilgan. 1961-yilda „Surxondaryo oblastidagi muqaddas deb ataluvchi joylar toʻgʻrisida“ degan ilmiy mavzudagi ma’ruzada ikkinchi oʻrinni egallagan hamda pul mukofotiga sazovor boʻlgan. 1961-yilning oktyabr oyida Toshkent Davlat pedagogika bilim yurtining aspiranturasiga oʻqishga qabul qilingan. Aspiranturani katta oʻqituvchi va dotsent boʻlib tamomlagan. 1967-yilning 30-sentyabr kunida Toshkent Davlat universiteti Sovetida iqtisod fanlari nomzodligi uchun dissertatsiya himoya qilgan va iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. Shu bilan bir qatorda olim bir nechta dissertatsiyalarni muvaffaqiyatli himoya qilgan. Jumladan, „Kolxozlarda jamoat isteʼmol fondlari va ularning kolxozchilar moddiy hamda madaniy farovonligini oshirishdagi roli“ mavzusidagi dissertatsiyada qishloq xoʻjaligidagi iqtisodiyotini aniq dalillar bilan asoslab bergan. Dissertatsiyada yana bir qancha mavzular ham yoritilgan. Umarovning siyosiy-iqtisodchi boʻlib yetishishida iqtisod fanlari doktori, professor Sh. N.Oʻlmasboyev hamda Toshkent xalq xoʻjaligi instituti siyosiy-iqtisod kafedrasi mudiri, doktor, professor O. M. Aminov oʻz yordamlarini berishgan. 1967-yildan boshlab Respublika matbuoti, radio va televideniyasida faol qatnashib turgan. 1969-yildan 1970-yilga qadar Toshkent televideniyasi orqali sirtdan oʻquvchi talabalar uchun iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Q.Yusupov bilan birgalikda siyosiy-iqtisod toʻgʻrisida kurs oʻqitgan[1].

Metodik qoʻllanmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Usmon Umarov studentlar uchun metodik qoʻllanmalar ham yaratgan. 1970-yil „Oʻzbekiston“ nashriyoti tomonidan „Siyosiy iqtisodni oʻrganishda Lenin asarlaridan foydalanish“ nomi ostida siyosiy-iqtisod toʻgʻrisidagi metodik qoʻllanmasi nashr etilgan. Keyinchalik, dotsent Q.Yusupov bilan hamkorlikda „Siyosiy iqtisod asoslari“ nomli qoʻllanma ham ishlab chiqilgan hamda 1973-yilda nashrdan chiqqan. Shu bilan bir qatorda Usmon Umarovning „Jamiyatshunosliik kursida siyosiy iqtisod masalalarini oʻqitish“ hamda „Xalq maorifi ekonomikasi masalalari“ kabi kitoblari ham kutubxonalardan joy olgan. Usmon Umarov ilmiy maqolalar ham chop etib turgan. Ulardan: „Ijtimoiy mehnat unumdorligining toʻxtovsiz oʻsishida jamoat isteʼmol fondlari oʻsib boorish factorlari“, „Kolxoz jamoat isteʼmol fondlari va uning ahamiyati“ kabi koʻplab maqolalarini misol qilib keltirish mumkin[1].

1987-yilda SSSR Ministorlar sovetidagi oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Usmon Umarovning siyosiy iqtisod fanidagi ulkan xizmatlari inobatga olinib, professorlik unvoni berilgan[1].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Qodirov, Bekmurod. Surxondaryo olimlari. Toshkent - "Mehnat" — 29-31-bet. Qaraldi: 18-iyul 2024-yil.