[go: nahoru, domu]

Kontent qismiga oʻtish

Mobil telefon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mobil telefon

Mobil telefon, uyali telefon yoki qoʻl telefoni uyali aloqa tizimi boʻylab ovoz va boshqa axborot uzatuvchi hamda qabul qiluvchi elektron qurilmadir. Zamonaviy mobil telefonlar bundan tashqari internet mijozlari, oʻyinlar, infraqizil va bluetooth portlar, video/fotokamera, MP3 player, radio va hokazo taʼminot bilan qurollangan.

Uyali telefon, qoʻl telefon — simsiz telefon turi. Har bir abonent (uyali telefon apparati) muayyan bir uyali telefon kompaniyasining telefon tarmogʻidagi baza st-yaga bogʻlanadi. har qaysi baza st-yada "uyalar" boʻladi (nomi shundan). Har bir uyaga bir necha kanal biriktirib qoʻyiladi; tarmoqning katta va kichikligiga qarab uyalar soni har xil boʻladi. Mobil telefon apparati qaysi kompaniya tarmogʻining baza st-yasiga ulanganligiga qarab uning aloqa bogʻlash doirasi chegarasi har xil boʻladi. Baʼzi abonentlar faqat bir shahar doirasida aloqa bogʻlay olsa, baʼzilari boshqa shaharlar va hatto boshqa mamlakatlar bilan ham aloqa bogʻlay oladi. Butun yer kurrasini qamrab oladigan xizmat koʻrsatish zonasini faqat baza st-yalar vazifasini sunʼiy yoʻldoshlar bajaradigan Mobil telefon tarmogʻida yaratish mumkin. Mobil telefon tarmoqlarining barcha baza styalari bir-birlari bilan oʻzaro bogʻlangan boʻlishi, shu bilan birga umum foydalanadigan simli telefon tarmogʻiga ulana olishi lozim. Shundagina qoʻl (mobil) telefon apparati egasi muqim (simli) telefon apparati egasi bilan bogʻlanishi mumkin. Bunga radiorele liniyalar yordamida, yo boʻlmasa, mis kabel yoki tolali optik telefon aloqa liniyalari yordamida erishiladi. Mobil telefon yordamida abonent boshqa abonent bilan gaplashishdan tashqari, matnli va faksimil xabarlarni, internet grafiklari va boshqalarni uzata oladi. Buning uchun Mobil telefon apparati ixcham koʻchma kompyuterga ulanadi. Telefonning tipiga qarab, maxsus modem yoki oddiy kabel (ichki dasturli modelini ulash uchun) talab qilinadi. Eng oddiy modeldagi Mobil telefon apparati ham haqiqiy mikrokompyuterdan iborat. Murakkab apparatlarda esa kompyuterlar bilan bajariladigan barcha operatsiyalarni bajarish (har xil oʻyinlar oʻynash, suratga olish va uni saqlash, "telefon qilgan" boshqa abonentning raqamini qayd qilish vaqtinchalik oʻchirib qoʻyish va boshqalar) mumkin.

Dastlab, XX asrning 80-yillarida qoʻl telefon aloqa, asosan, analog texnologiyalariga asoslangan, keyinroq Mobil telefonda aloqa tizimi sof raqamli tizimga oʻtgan. Yevropa mamlakatlarining deyarli har birida oʻz milliy tarmogʻi ishlab chiqilgan (mas, Fransiyada Radiocom 2000). Mobil telefonga doir xalqaro hamkorlik dastlab koʻchma radioaloqa tizimi masalalari boʻyicha nemisfransuz tadqiqotlari natijasi sifatida pochta va kommunikatsiyalar maʼmuriy xodimlarining Yevropa konfederatsiyasi CERT (Conference des admi nistrations Europcennes des Postes et Telecommunications) rahbarligida tashkil etildi. 1982-yil bu institut 26 Yevropa mamlakatini, aniqrogʻi pochta, telefon va telegraf aloqa PTT (Post, Telephone and Telegraph) maʼmuriy muassasalarini birlashtirdi. Shu tariqa Yevropa konferensiyam "Mobil aloqani ishlab chiqish boʻyicha maxsus guruh" (GSM) ni tuzdi. Keyinchalik u "Mobil aloqa global tizimi" deb atala boshladi. Yevropa hududida bu tizim 1993-yil arafasida toʻliq faoliyat koʻrsata boshladi. GSM tizimi boshidanoq xalqaro koʻlamdagi tizim sifatida ishlab chiqilgan. Barcha qit'alardagi koʻp mamlakatlar unga qoʻshilgan. Mobil telefon tizimi inson hayotining barcha sohalariga kirib keldi. GSM tarmoqlari abonentlarining soni dunyoda 200 mln. kishidan oshib ketdi (2005).

Oʻzbekistonda ham bir necha Mobil telefon kompaniyalari faoliyat koʻrsatmoqda. Ular eng keng tarqalgan zamonaviy Mobil telefon aloqa standartlari — AMPS/ DAMPS, GSM, CDMA dan foydalanadi. Respublikada quyidagi bir necha Uyali telefon kompaniyalari faoliyat yuritadi: "Oʻzdunrobita" Oʻzbekiston — Amerika QK (1992-yilda ishga tushgan; Oʻzbekistondagi 1000 dan ortiq shahar va aholi yashash punktlarini ishonchli Uyali telefon aloqasi bilan taʼminlagan); BUZTEL GSM (Bakri Oʻzbekiston telekom) kompaniyasini Indoneziyaning "Bakri kommyunikeyshn" kompaniyasi 1996-yilda taʼsis qilgan (eng arzon tarifli kompaniya); COSCOM kompaniyasi Oʻzbekiston — Amerika QK (1997-yilda ishga tushgan; Oʻzbekistonda GSM tarmoqlari eng keng tarqalgan); "Oʻzmakom" kompaniyasi (Malayziyaning "Superior Kommyunikeyshne" kompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokida 1996-yilda tashkil qilingan; asosan, Toshkent shahri va unga yaqin hududlarga xizmat koʻrsatadi); Koreyaning "Daewoo Unitel" kompaniyasi (1997-yilda ishga tushgan, Oʻzbekistonning barcha hududlariga xizmat koʻrsatadi), RWC (Rubicon Wireless Communications) Oʻzbekiston — Amerika qoʻshma korxonasi (1997-yilda ishga tushgan, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida xizmat koʻrsatish doiralarini borgan sari kengaytirib boriladi). Oʻzbekistonda Mobil telefon xizmatiga ehtiyoj koʻpayayotganligi uchun yana boshqa yangi kompaniyalar tuziladi.